Namanganda 2025-yil yakunlari sarhisob qilinib, bir guruh sportchilar “Namangan iftixori” mukofoti bilan taqdirlandi
Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida madaniyat, sport hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakuniga yetib borayotgan 2025-yilda erishilgan yutuqlarni sarhisob qilish hamda o‘z faoliyati bilan ajralib turgan soha vakillarini e’tirof etish maqsadida tashkil etildi.
2025-yil yurtimiz hayotida ulkan muvaffaqiyatlar va tarixiy natijalarga boy bo‘ldi. Sportchilarimiz Osiyo va Jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini munosib himoya etib, ko‘plab oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritdilar. Bu yutuqlar sportimiz nufuzini yanada oshirib, yosh avlod uchun katta ilhom manbai bo‘ldi.
Madaniyat sohasida ijodiy jamoalar va san’atkorlar xalqaro maydonlarda yurtimizni munosib tanitdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tezkor, xolis va professional tarzda yoritib, zamonaviy jurnalistika rivojiga munosib hissa qo‘shdilar.
Tantanali marosimda soha fidoyilariga viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan “Namangan iftixori” mukofoti topshirildi. Shuningdek, xalqaro musobaqalar g‘oliblari bo‘lgan sportchilar, ijodiy faoliyati bilan yurt obro‘sini yuksaltirgan san’atkorlar, samarali faoliyat olib borgan OAV vakillari alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar 2026-yilda erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash, yangi marralarni zabt etish yo‘lida bor kuch va salohiyatlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.