MutasaddilarLos-Anjeles-2028 yozgi Paralimpiya o‘yinlari tashkil etiladigan sport inshootlari bilan tanishdi
O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi ishchi guruhi Los-Anjeles-2028 yozgi Paralimpiya o‘yinlari tashkil etiladigan sport inshootlari bilan tanishdi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Farruh Ahmedov va qo’mita raisi o‘rinbosari Bobur Hamrayev Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turibdi.
Mutasaddilar xizmat safarining ilk kunida 2028-yilning 15-27-avgust kunlari Los-Anjeles shahri mezbonlik qiladigan XVIII yozgi Paralimpiya o‘yinlari davrida musobaqalarning tashkiliy ishlari, jumladan, musobaqa dasturlarini tashkil etish, transport va logistika masalalari, O’zbekiston delegatsiyasining o’yinlardagi ishtiroki bo’yicha taqdimot bilan tanishtirildi, tashkiliy guruhlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazildi, shuningdek, LA-2028 yozgi Paralimpiya o’yinlari uchun mo‘ljallangan sport inshootlarini o’rgandi.
Dastlabki manzil musobaqa doirasida para yengil atletika bellashuvlari hamda rasmiy yopilish marosimi o‘tkaziladigan "Los-Anjeles memorial kolizeyi" bo‘ldi. 1923-yilda bunyod etilgan mazkur arena 77 500 nafar muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira olishi bilan ajralib turadi.
Bundan tashqari, vakillarimiz kunning ikkinchi yarmida yozgi Paralimpiya o‘yinlarining para qilichbozlik, para taekvondo, para dzyudo, bochcha hamda para stol tennisi bahslari tashkil etiladigan "Los-Anjeles kongress markazi"ga tashrif buyurib, majmuada yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.