Muhammad Al Harbi va Shaxrillo Maxmudov Osiyo chempionati oldidan tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirdi
Muhammad Al Harbi va Shaxrillo Maxmudov Osiyo chempionati oldidan tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Joriy yilning 7–14-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi”da o‘tkaziladigan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ishlari yakuniy bosqichga kirdi.
Shu munosabat bilan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Al Harbi hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov musobaqa o‘tkaziladigan sport majmuasiga tashrif buyurib, chempionatga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida musobaqa zali, mashg‘ulot hududlari, trenerlar va hakamlar xonalari, sportchilar hamda rasmiylar uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, chempionatni xalqaro standartlar talablari asosida yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur nufuzli musobaqada Osiyoning eng kuchli o‘smir va yosh og‘ir atletikachilari g‘oliblik uchun bahs olib boradi. O‘zbekiston esa ushbu chempionatni yuksak saviyada tashkil etish uchun barcha zarur tayyorgarlik ishlarini izchil davom ettirmoqda.