Mohammed Hassan Jalood: O‘zbekiston og‘ir atletikada kuch markaziga aylandi
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining rasmiy Instagram sahifasida yurtimizda zamonaviy va xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika maktabi ochilgani e’tirof etilgan post joylandi.
E’tiborlisi, federatsiya prezidenti Mohammed Hassan Jalood mazkur muhim voqea munosabati bilan O‘zbekiston sport jamoatchiligini samimiy muborakbod etdi:
“Men O‘zbekistonni ushbu ajoyib yangi sport inshootining ochilishi bilan samimiy tabriklayman.
O‘zbekiston bizning sport turimizda haqiqiy kuch markaziga aylandi va Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika maktabi — jahon va Olimpiya darajasidagi eng yorqin yulduzlardan birini sharaflash — ularning fidoyiligidan dalolatdir. Ushbu maktab nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda og‘ir atletikaning rivojini davom ettirish uchun muhim imkoniyat yaratadi hamda yosh atletlar uchun yorqin kelajakni ta’minlaydi.”
Eslatib o‘tamiz, Akbar Jo‘rayev nomidagi sport maktabi hamda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur kelishuv doirasida kelgusida ushbu sport klubida xalqaro seminarlar, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda tajriba almashishga qaratilgan nufuzli tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgan.