Mini Masters bosqichi yakunlandi: O‘zbekiston terma jamoa a’zolari yuqori natijalarni qayd etishdi
Moskva viloyatida joylashgan Maxima Stables ot sporti majmuasida 14–16-avgust kunlari ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) yo‘nalishi bo‘yicha Mini Masters seriyasining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa davomida chavandozlarimiz munosib natijalarni qayd etib, bir qator sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
Musobaqaning yakuniy kuni — 16-avgustda Xurshidbek Alimjonov Champions League laqabli oti bilan to‘siqlar balandligi 135 sm bo‘lgan yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, chavandozimiz Chaloina laqabli oti bilan 125 sm yo‘nalishda 2-o‘rin, Lavin laqabli oti bilan esa 3-o‘rinni qayd etdi.
Mariya Dushchenko esa California laqabli oti bilan 105 sm balandlikdagi yo‘nalishda 1-o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston vakillari Mini Masters bosqichini yuqori natijalar bilan yakunlashdi. Sportchilarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz va kelgusi startlarda ularga yangi g‘alabalar, omad hamda yuqori natijalar tilaymiz!