Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari va Kamondan otish federatsiyasi yoshlar o‘rtasida qadimiy sport turini ommalashtirishni davom ettirmoqda
Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari va Kamondan otish federatsiyasi yoshlar o‘rtasida qadimiy sport turini ommalashtirishni davom ettirmoqda
Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari Kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikda ushbu qadimiy, ammo har doim dolzarb bo‘lgan sport turini yoshlar orasida keng targ‘ib etish maqsadida izchil va tizimli ishlarni olib bormoqda.
Mazkur faoliyat doirasida mamlakatimizning turli hududlarida — mahallalar, ta’lim muassasalari, shuningdek, gvardiya harbiy qismlari va boshqarmalari hududlarida — muntazam ravishda mahorat darslari tashkil etilmoqda. Bunday mashg‘ulotlar nazariy va amaliy qismlarning uyg‘unligi tufayli yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Xususan, Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Urganch shahrida joylashgan harbiy qismda yoshlar uchun kamondan otish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.
Shu kabi mashg‘ulot Jizzax viloyatida ham o‘tkazildi. Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasi harbiy xizmatchilari tashabbusi bilan 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun kamondan otish bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Yoshlar sport turining tarixi, o‘ziga xos jihatlari hamda o‘zbekistonlik kamondonlarning jahon arenalaridagi yutuqlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Amaliy bosqichda esa o‘quvchilar dastlabki nishonga olish va otish ko‘nikmalarini sinab ko‘rishdi, so‘ng esa ishtiyoq bilan kichik musobaqalarda o‘zaro bellashdilar.
Bunday tadbirlar nafaqat yoshlar uchun mazmunli hordiq tashkil etadi, balki ularda sog‘lom turmush tarziga qiziqish uyg‘otadi, iroda va intizomni mustahkamlaydi, yetakchilik fazilatlarini rivojlantiradi hamda jamoada ishlash madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.