Meksikada restling shousi vaqtida 75 yoshli hakam halok bo‘ldi
Meksikada professional restling musobaqasi fojia bilan yakunlandi. “El Hijo de Fishman” taxallusi bilan tanilgan kurashchi qo‘llagan xavfli usuldan so‘ng 75 yoshli hakam Xerardo Xerman Pineda vafot etdi. Bu haqda El País nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, hodisa 7-oktabr kuni Meksikaning Idalgo shtatida tashkil etilgan shou davomida yuz bergan. Kurashchi hakamga nisbatan xavfli usul qo‘llaganidan so‘ng Pineda ringga yiqilib, harakatsiz qolgan. Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari uning vafot etganini tasdiqlagan.
Hodisadan so‘ng 36 yoshli kurashchi ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lganlik gumoni bilan qo‘lga olingan. Biroq 9-oktabr kuni u marhumning oilasi bilan zararni qoplash bo‘yicha kelishuvga erishgach, ozodlikka chiqarilgan. Advokatining bildirishicha, unga nisbatan jinoiy ish yuritish davom ettirilmaydi.
Ma’lumot uchun, “El Buho” taxallusi bilan tanilgan Xerardo Xerman Pineda Meksika restlingida qariyb 30 yil hakamlik qilgan. Ushbu fojia professional restling musobaqalarida sportchilar va hakamlar xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.