Matonat maktabi marafoni: Farg‘onada Paralimpiya o'yinlari chempioni bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona shahridagi "Yoshlar markazi"da “Matonat maktabi marafoni” loyihasi doirasida Parij–2024 yozgi paralimpiya o‘yinlari g‘olibi, “O‘zbekiston iftihori” faxriy unvoni sohibi Yorqinbek Odilov bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda "Paralimpiyachilarning matonat maktabi", O'zbekiston Milliy paralimpiya qo'mitasi, Farg'ona viloyati Yoshlari ishlari boshqarmasi mutasaddilari, adaptiv sport bilan shug‘ullanayotgan yosh para sportchilar hamda murabbiylar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga Yorqinbek Odilovning hayot yo‘li va sportdagi g‘alabalari haqida hikoya qiluvchi “Taqdir jangchisi” nomli hujjatli film namoyish etildi. Film orqali yoshlar Yorqinbekning bolalik davridan boshlab, qiyinchiliklarga qaramay, o‘z orzulari sari dadil qadam tashlagani, mehnatsevarligi va g‘alabalarga eltgan mashaqqatli yo‘lini yaqindan his qilishdi.
Tadbir jarayonida Yorqinbek Odilov yosh sportchilar bilan o‘z tajribalari, motivatsiyasi va paralimpiya o'yinlari chempionligi yo‘lidagi sinovlari haqida samimiy suhbatlashdi. U o‘z nutqida:
“Har qanday cheklov – bu faqat sinov. Agar inson o‘ziga ishonsa, barcha to‘siqni yenga oladi”, — deya yoshlarga kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
Uchrashuv yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, Yorqinbek Odilovdan qimmatli maslahatlar olishdi. Tadbir ishtirokchilari uchun bu uchrashuv nafaqat sportdagi muvaffaqiyatlar haqida, balki hayotda matonat, iroda va ishonchning naqadar muhimligi haqida chuqur saboq bo‘ldi.
“Matonat maktabi marafoni” loyihasi doirasida o‘tkazilgan bu tadbir yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik va o‘z kuchiga ishonch ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.