Makgregor: \"Maks bilan birinchi jangda uni yengganman, endi buni yana takrorlayman\"
UFCning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni Konor Makgregor Maks Holloueyga qarshi bo‘lib o‘tadigan navbatdagi jang oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Irlandiyalik jangchi bu bahsga to‘liq tayyor ekanini ta’kidlab, jarohatdan keyingi tiklanish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini aytdi. Makgregorning so‘zlariga ko‘ra, u oktagonga qaytganidan so‘ng muxlislar avval kuzatilmagan darajadagi chiqishga guvoh bo‘lishadi.
Makgregor Hollouey bilan ilk jangini ham eslatib o‘tdi. U 2013-yilda o‘tgan o‘sha bahsda raqibini mag‘lub etganini qayd etib, revanshda ham xuddi shunday natija qayd etilishiga ishonch bildirdi.
“Men to‘liq tiklandim. Bunday jarohatdan keyin nima qilmoqchi ekanimni bu sportda hali ko‘rishmagan. Maks bilan birinchi jangda uni yengganman, endi buni yana takrorlayman”, — deya ta’kidladi Makgregor.
Eslatib o‘tamiz, Konor Makgregor va Maks Hollouey o‘rtasidagi jang UFC 329 turnirining asosiy voqeasi sifatida o‘tkaziladi. Mazkur to‘qnashuv Las-Vegasda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Bu jang har ikki sportchi uchun ham katta ahamiyatga ega. Makgregor uzoq tanaffusdan keyin yana yuqori saviyadagi jangchi ekanini isbotlashga urinadi. Hollouey esa 13 yil avvalgi mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.