Magnus Karlsen Praggnanandhaga yana mag'lub bo'ldi
Norway Chess 2026 turnirining eng shov-shuvli natijalaridan biri qayd etildi. Turnir g‘olibligi uchun kurashayotgan Magnus Karlsen vaqt tanqisligida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhaga imkoniyatni boy berdi.
Partiya durang tomon ketayotgandek ko‘ringan bir paytda Karlsen shohni noto‘g‘ri joyga qo‘ydi. Praggnanandha esa vaziyatni aniq hisoblab, majburiy mot kombinatsiyasini topdi. Natijada jahonning 1-raqamli grossmeysteri taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi va turnir yakuniga ikki tur qolganida birinchi o‘rin uchun kurashdan chiqib ketdi.
Bu Praggnanandhaning Karlsen ustidan Norway Chess 2026 doirasidagi ikkinchi klassik g‘alabasi edi. Partiyadan keyin Praggnanandhaa raqibining xatosidan hayratda ekanini yashirmadi:
"Magnus shunday o‘yinchi-ki, uni hatto tunda uyg‘otib bullet o‘ynatganingizda ham shohni to‘g‘ri katakka qo‘yadi. Uning bunday g‘alati tarzda adashishi hayratlanarli bo‘ldi. Balki bu asabiylashish yoki kuchli bosim asoratidir."
Mashhur grossmeyster va strimer Hikaru Nakamura esa Karlsenning ushbu muvaffaqiyatsizligiga quyidagicha baho berdi:
"Karlsen bitta turnirda 4 marta mag‘lub bo‘lganini oxirgi 15 yilda hech kim ko‘rmagan edi! Bu barchamiz uchun shok holat bo'ldi."
Ushbu g‘alabadan so‘ng Pragg birinchi o‘rin uchun kurashga qo‘shildi. Turnir peshqadami bo‘lib turgan amerikalik Uesli So esa Vinsent Kaymerni armageddonda mag‘lub etib, peshqadamlikni saqlab qoldi.