Lyuis Hemilton Formula-1 tarixida ketma-ket 20 mavsum davomida poygada yetakchilik qilgan ilk poygachi boʻldi
Formula-1 bo‘yicha yetti karra jahon chempioni, 41 yoshli britaniyalik poygachi Lyuis Hemilton 2026 yilgi mavsumning debyut bosqichi hisoblangan Avstraliya Gran-prisida misli ko‘rilmagan natijani rasmiylashtirdi.
«Ferrari» jamoasi sharafini himoya qilayotgan Hemilton «Qirollik poygalari» tarixida ketma-ket 20 mavsum davomida Gran-pri poygalarida peshqadamlik qilishga muvaffaq bo‘lgan ilk uchuvchiga aylandi.
Mavsumning ilk starti yakunlariga ko‘ra, britaniyalik tajribali poygachi marraga to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi. U uchinchi o‘rinni egallagan jamoadoshi Sharl Leklerga imkoniyatni boy berdi.
Avstraliya Gran-prisining g‘olibi Hemiltonning vatandoshi va uning «Mersedes»dagi sobiq jamoadoshi Jorj Rassell bo‘ldi. Ikkinchi pog‘onadan esa nemis jamoasining italiyalik yosh uchuvchisi Andrea Kimi Antonelli joy oldi.