Los-Anjeles–2028 Olimpiya o‘yinlari uchun og‘ir atletika sport turi bo‘yicha saralash tizimini rasman tasdiqladi
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (IOC) va Xalqaro Og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Los-Anjeles–2028 Olimpiya o‘yinlari uchun og‘ir atletika sport turi bo‘yicha saralash tizimini rasman tasdiqladi.
Olimpiadada jami 120 nafar og‘ir atletikachi sovrinli o‘rinlar uchun bahslarda ishtirok etadi. Shundan 60 nafari erkaklar, 60 nafari esa ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Saralash jarayonlari 2026-yil iyul oyida boshlanib, 2028-yil mayigacha davom etadi. Ushbu davr mobaynida dunyoning eng kuchli og‘ir atletikachilari Olimpiya yo‘llanmalari uchun murosasiz kurash olib boradi.
Musobaqalar erkaklar o‘rtasida 6 ta vazn toifasida (-65, -75, -85, -95, -110 va +110 kg), ayollar o‘rtasida ham 6 ta vazn toifasida (-53, -61, -69, -77, -86 va +86 kg) o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2027-yilda poytaxtimiz Toshkent shahri ham Olimpiya saralash musobaqalaridan biriga mezbonlik qiladi.