Kurash. Ziyoviddin Xodjiniyazov Avstraliya Kurash federatsiyasiga tabrik yo‘lladi
Ziyoviddin Xodjiniyazov Avstraliya Kurash federatsiyasiga tabrik yo‘lladi
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tomonidan so‘nggi oylar davomida olib borilgan samarali muloqot va muzokaralar natijasida Avstraliyada Kurash federatsiyasi rasman faoliyat boshladi.
Kuni kecha federatsiya davlat ro‘yxatidan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayni paytda uning rasmiy veb-sayti ishga tushirish bo‘yicha ham tayyorgarlik ishlari yakunlanish arafasida.
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Ziyoviddin Xodjiniyazov tomonidan Federatsiya rahbari Dr. Siamak Abolhassan nomiga rasmiy tabrik maktubi yo‘llandi.
Tabrik maktubida Avstraliya Kurash federatsiyasining Xalqaro Kurash oilasiga kirib kelishi munosabati bilan tabriklar yo‘llangan. Federatsiya faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolingan.
Shuningdek, mamlakatda Kurash harakatini rivojlantirish, milliy chempionatlar va musobaqalarni tashkil etish, murabbiylar hamda hakamlar tayyorlash yo‘nalishlarida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tomonidan har tomonlama amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlangan. Federatsiyani xalqaro standartlarga mos sifatli kurash yaktaklari bilan ta’minlash masalasi ham qo‘llab-quvvatlanishi qayd etilgan.
Avstraliyada federatsiya faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining yangi mamlakatlarda Kurash geografiyasini kengaytirish va mavjud federatsiyalar faoliyatini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlarining yana bir amaliy natijasi hisoblanadi.