Kurash. Yoshlar o‘rtasidagi V Osiyo kubogiga marhamat!
2026 yil 17–20 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahri Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun 2009–2010 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasidagi V Xalqaro Osiyo Kubogiga mezbonlik qiladi.
Mazkur nufuzli musobaqa Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi rahbarligida, Osiyo Kurash konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston Kurash federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Turnir Kurash sport turini xalqaro miqyosda yanada ommalashtirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va qit’a darajasida raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan.
O‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur Kubok kelajak chempionlari uchun muhim sinov va tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Urganch shahridagi Yoshlik Sport Komplexda bo‘lib o‘tadigan bellashuvlar jami: 7 ta vazn toifasida tashkil etiladi.
Unda o‘g‘il bolalar: 55 kg, 65 kg, 77 kg, +77 kg vazn toifalarida bellashuvlarga kirishsa, Qizlar 48 kg, 57 kg, +57 kg vazn toifalarida kuch sinashadi.
Musobaqa Nizomiga ko‘ra har bir davlatdan bir nafar sportchi har bir vazn toifasida ishtirok etishi mumkin. Mezbon mamlakatga har vaznda ikki nafar sportchi qo‘yish huquqi berilgan.
G‘olib va sovrindorlar diplom va medal hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.