Kurash. Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasining 2026 yilgi taqvim rejasi tasdiqlandi
Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi (IKA) tomonidan 2026 yil uchun xalqaro musobaqalar va ta’lim tadbirlarini qamrab olgan rasmiy taqvim rejasi tasdiqlandi.
Taqvim rejaga muvofiq, 2026 yil davomida IKA bayrog‘i ostida 50 dan ortiq xalqaro tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular qatoriga jahon va qit’aviy chempionatlar, xalqaro turnirlar, World Series Pro (WSP) reyting musobaqalari, shuningdek, murabbiy va hakamlar uchun litsenziyalash hamda malaka oshirish kurslari kiradi.
2026 yilgi taqvimda 4 qit’a — Osiyo, Yevropa, Afrika va Pan-Amerika chempionatlari o‘rin olgan bo‘lib, ushbu musobaqalarda dunyoning 80 dan ortiq davlati ishtirok etishi rejalashtirilgan. Onlayn va gibrid formatdagi kurslar orqali esa ta’lim dasturlarida 50 dan ortiq davlat mutaxassislari qamrab olinadi.
Joriy yil Kurash muxlislarini qator yirik xalqaro tadbirlar kutib turibdi. Xususan, taqvim rejasiga Kurash bo‘yicha 2 ta Jahon chempionati, qit’aviy chempionatlar, WSP reyting musobaqalari hamda CISM Kurash Challenge Cup turniri kiritilgan.
Shuningdek, Kurash bo‘yicha rasmiy bellashuvlar World Nomad Games (Issiqko‘l, Qirg‘iziston) doirasida hamda 20-Osiyo yozgi o‘yinlari (Aychi–Nagoya, Yaponiya) dasturidan o‘rin olgan.
An’anaviy tarzda Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir ham 2026 yilgi taqvim rejadan joy olgan. Ushbu musobaqa IKA taqvimidagi nufuzli xalqaro turnirlardan biri hisoblanib, Yevropa qit’asida Kurashning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi va Xalqaro Kurash Instituti tomonidan amalga oshirib kelinayotgan ta’lim va litsenziyalash dasturlari 2026 yilda ham izchil davom ettiriladi. Yil davomida 12 ta xalqaro seminar, 6 ta litsenziyalash kursi (A va B litsenziya) hamda 5 ta gibrid hakamlik kursi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu dasturlar orqali 500 nafardan ortiq murabbiy va hakam xalqaro standartlar asosida tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
IKAning 2026 yilgi taqvim rejasi Kurashni global sport turi sifatida rivojlantirishga qaratilgan izchil va tizimli strategiyani aks ettiradi. Geografik qamrov, musobaqalar soni va ta’lim dasturlari hajmi nuqtayi nazaridan 2026 yil IKA faoliyatida muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.