Kurash. Turkmanistonda harbiylar o‘rtasida Kurash chempionati o‘tkazildi
27 yanvar — Turkmanistonda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kuni munosabati bilan Ashxabod shahrida Kurash bo‘yicha mamlakat chempionati tashkil etildi.
Mazkur musobaqada Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Migratsiya agentligi hamda Bojxona qo‘mitasi tizimlaridan 150 nafarga yaqin xodim ishtirok etib, gilamda o‘z mahoratlarini namoyon qildi.
Turkmaniston Kurash federatsiyasi Prezidenti Ovez Attaliyevning ta’kidlashicha, ilk bor bunday keng qamrovli formatda davlat organlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan chempionat keskin va qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchi tashkilotlar bilan ushbu musobaqani kelgusida an’anaviy tarzda har yili o‘tkazib borish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Mudofaa vazirligi akademiyasining sport majmuasida o‘tkazilgan chempionat yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ichki ishlar vazirligi ikkinchi, Chegara qo‘mitasi jamoasi esa uchinchi o‘rin bilan taqdirlandi.