Kurash. Toshkentda “O‘zbek polvoni” va “Prokuror polvoni” musobaqalari o’tkazildi
Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida joylashgan yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan sport majmuasida kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” va “Prokuror polvoni” musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri, Administratsiya rahbari Mansur Mirzayev, Xalqaro Kurash instituti Rektori Habibulla Tadjiyev, O’zbekiston Kurash federatsiyasi Raisining birinchi o’rinbosari Baxtiyor Kadirov, Rais yordamchisi Sardor Karimovlar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi bosh kotibi kurashning azaliy jasorat, matonat, sabr-toqat va vatanparvarlik timsoli ekanini ta’kidlab, bunday an’anaviy musobaqalar kurashni nufuzini yanada mustahkamlashini e’tirof etdi.
Mazkur turnirning yana bir muhim jihati shundaki, Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi va Xalqaro Kurash instituti tashabbusi bilan 10 ta davlatdan 16 nafar xalqaro hakam Toshkentga taklif etilgan. Ular musobaqa davomida kurash hakamligi bo‘yicha maxsus seminar va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘z mahorat va tajribalarini yanada boyitadi. Bu esa kurash bo‘yicha xalqaro hakamlar tayyorlash tizimining takomillashuviga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, “O‘zbek polvoni” va “Prokuror polvoni” musobaqalari 2021-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Joriy yilda “O‘zbek polvoni” musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan erkaklar o‘rtasida 4 ta, ayollar o‘rtasida 3 ta — jami 7 ta vazn toifasida 200 nafarga yaqin kurashchi bellashdi. “Prokuror polvoni” musobaqasida esa 5 ta vazn toifasida 100 nafarga yaqin prokuratura xodimlari kuch sinashdi.