Kurash. Parij yana dunyo polvonlarini birlashtiradi
Parij yana dunyo polvonlarini birlashtiradi.
2026 yil 17-19 iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida Kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi. Nufuzli musobaqa Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi, Yevropa Kurash konfederatsiyasi, Fransiya Kurash federatsiyasi hamda O‘zbekiston Kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Bellashuvlar dunyo sport va madaniyati markazlaridan biri sanalgan Parij shahridagi “Centre sportif Émile Anthoine” sport majmuasida tashkil etiladi. Mazkur turnir IKA Ranking Event maqomiga ega bo‘lib, unda jahonning turli mamlakatlaridan eng kuchli polvonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Musobaqa Kurash orqali davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro sport aloqalarini kengaytirish, sportchilar mahoratini oshirish hamda Kurash falsafasini keng targ‘ib qilishni maqsad qilgan.
Turnir kattalar o‘rtasida erkaklar (-90 kg, +90 kg) va ayollar (-70 kg, +70 kg) vazn toifalarida tashkil etiladi. Har bir milliy federatsiyadan ikki nafardan erkak va ikki nafardan ayol sportchi ishtirok etishi mumkin.
G‘olib va sovrindorlar IKA reyting ochkolari hamda pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Har bir vazn toifasida g‘oliblarga 3000 yevro, ikkinchi o‘rin sohiblariga 2000 yevro va uchinchi o‘rin egalariga 1000 yevrodan mukofot puli topshiriladi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 30 ming yevroni tashkil etadi.
Musobaqada ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish muddati 2026 yil 20 iyunga qadar etib belgilangan. Belgilangan muddatgacha ariza va safar jadvalini taqdim etmagan federatsiyalar musobaqaga qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Fransiyaga kirish uchun zarur vizani rasmiylashtirish har bir ishtirokchining o‘zlari tomonidan amalga oshiriladi. Barcha milliy federatsiyalar o‘z delegatsiya a’zolarining sug‘urta masalalari uchun ham javobgar hisoblanadi.
Tadbir doirasida matbuot anjumani, hakamlar seminari, texnik yig‘ilishlar va sportchilar uchun maxsus seminarlar ham tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun: Kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan mazkur nufuzli xalqaro turnir an’anaviy ravishda har yili iyul oyida Parij shahrida tashkil etib kelinmoqda.
Faqat 2024 yilda Parij shahrida yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilgani munosabati bilan musobaqa Italiya poytaxti Rim shahrida tashkil etilgan edi.