Kurash. O‘zbekiston kurash bo‘yicha ikkita Osiyo Kubogiga mezbonlik qiladi
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining 2026 yilga mo‘ljallangan rasmiy musobaqalar taqvim rejasiga muvofiq, mamlakatimiz joriy yilda ikki marotaba Osiyo Kubogi musobaqasini qabul qiladi.
2018 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir endilikda yoshlar o‘rtasida Osiyo Kubogi maqomida tashkil etiladi. Mazkur nufuzli musobaqaga Xorazm viloyatining Urganch shahri mezbonlik qiladi. 17–20 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan bahslarda Osiyo qit’asidagi Kurash federatsiyalarining yosh iqtidorli sportchilari g‘alaba uchun kurash olib boradilar. Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini sifatida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir avvalgi yillarda bir necha bor O‘zbekistonning Xorazm viloyatida, shuningdek, Eron Islom Respublikasining Esfarayen shahrida ham o‘tkazilgan.
Shuningdek, 2026 yilda yana bir Osiyo ochiq Kubogi musobaqasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tashkil etiladi. O‘zbekiston Kurash federatsiyasining ma’lum qilishicha, kattalar o‘rtasidagi mazkur musobaqa 22–25 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda erkaklar va ayollar o‘rtasida 16 ta vazn toifalarida yakkalik va jamoaviy bahslarda tashkil etiladi.
Kattalar o‘rtasidagi Osiyo ochiq Kubogi IKA Reyting tizimiga ham kiritilgan.