Kurash. Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonlari ko‘zdan kechirildi
Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonlari ko‘zdan kechirildi
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Administratsiyasi rahbari Mansur Mirzayev Tojikiston Kurash federatsiyasi Prezidenti Abdumalik Orifov hamrohligida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida 13–14 iyun kunlari chempionat bellashuvlariga mezbonlik qiladigan “Dushanbe Tennis Palace and Water Sport Complex” majmuasi ko‘zdan kechirildi. Ayni vaqtda majmuada texnik tayyorgarlik ishlari, banner va dizayn konsepsiyalari, tashqi va ichki bezatish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Musobaqalar 2 ta kurash gilamida tashkil etilishini inobatga olgan holda, bellashuvlarni xalqaro standartlar darajasida o‘tkazish, sportchilar, rasmiylar va ommaviy axborot vositalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, 12 iyun kuni “Hyatt Regency Dushanbe” mehmonxonasida o‘tkaziladigan Osiyo Kurash konfederatsiyasi Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi, Kongress, texnik yig‘ilish va boshqa rasmiy tadbirlarga tayyorgarlik jarayonlari ham atroflicha muhokama qilindi.
Tashkilotchilar tomonidan chempionatning barcha tashkiliy, texnik va logistik yo‘nalishlari bo‘yicha ishlar tasdiqlangan reja asosida olib borilayotgani ta’kidlandi.