locale OZ

Kurash. Osiyo chempionati oldidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi

Yakuniy ko‘rik davomida chempionatni xalqaro standartlar darajasida tashkil etish maqsadida bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi hamda mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Boshqa sport turlari
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Kurash. Osiyo chempionati oldidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi
photo: Kurash Uzbekistan

Osiyo chempionati oldidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi

Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV Osiyo chempionati oldidan Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriy rahbarligida tashkiliy qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Texnik direktori Ravi Kapur, Sport direktori Hyong Sik Baye, Administratsiya rahbari Mansur Mirzayev, Xalqaro Kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev, KSA Bosh kotibi Farrux Saidqulov, Tojikiston Kurash federatsiyasi Prezidenti Abdumalik Orifov, tashkiliy qo‘mita a’zolari hamda IKA xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida chempionatga tayyorgarlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi. Xususan, musobaqalarni o‘tkazish, delegatsiyalarni qabul qilish, transport, mehmonxonalar, xavfsizlik, tibbiy xizmat, media va translyatsiya ishlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda yakunlanishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng Muhammad Reza Nassiriy boshchiligidagi ishchi guruh chempionat bellashuvlari bo‘lib o‘tadigan “Dushanbe Tennis Palace and Water Sport Complex” majmuasida bo‘lib, sport inshootining texnik tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi.
Tashrif doirasida Osiyo Kurash konfederatsiyasi Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi va VIII Kongressi o‘tkaziladigan “Hyatt Regency Dushanbe” mehmonxonasida ham tayyorgarlik ishlari o‘rganildi.

Yakuniy ko‘rik davomida chempionatni xalqaro standartlar darajasida tashkil etish maqsadida bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi hamda mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

XV Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ishlari tasdiqlangan reja asosida davom etmoqda va musobaqani yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting