Kurash. Keskin bahslar va yorqin g‘alabalar: Osiyo Kubogi yakunlandi
Nukus shahrida ilk bor tashkil etilgan Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi bahslari yuksak saviya, murosasiz bellashuvlar va haqiqiy sport muhiti bilan muxlislar xotirasida qoldi.
Osiyoning bir qator davlatlaridan tashrif buyurgan jahon va qit’a chempionlari ishtirokidagi bellashuvlar tomoshabinlarga chinakam sport bayramini taqdim etdi. Ayniqsa final uchrashuvlaridagi keskinlik, mahorat va chiroyli usullar amfiteatrga yig‘ilgan muxlislarni tik oyoqda qarshi olishga undadi. Har bir g‘alaba va hal qiluvchi harakat kuchli hayajon hamda olqishlar bilan kuzatildi.
Ilk marotaba o‘tkazilayotganiga qaramasdan, musobaqa tashkiliy jihatdan yuqori professional darajada tashkil etildi. Bellashuvlarning texnik saviyasi, ishtirokchilarning tayyorgarligi hamda muxlislarning katta qiziqishi Kurashning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon qildi.
E’tiborli jihatlardan biri — Singapore va Saudia Arabistoni kabi davlatlar sportchilarining ham g’oliblar safidan joy olganidir. Bu esa Kurash sportining yangi hududlarda jadal ommalashayotgani va uning geografiyasi tobora kengayib borayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Yakkalik bellashuvlari yakunlangach, musobaqa doirasida jamoaviy bahslar ham bo‘lib o‘tdi.
Murosasiz va keskin ruhda kechgan uchrashuvlarda Kurash vatani vakillariga teng keladigan jamoa topilmadi. Final bahsida Tojikiston milliy terma jamoasini mag‘lub etgan O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa g‘olibiga aylandi. Turkmaniston hamda Hindiston terma jamoalari esa faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar medal, diplom, kubok hamda tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan pul mukofotlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.