Kurash. IKA qarorgohida xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi
Bugun Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi (IKA) bosh qarorgohida muhim ishchi yig‘ilish tashkil etildi. Uchrashuvda IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri, Assotsiatsiya Administratsiyasi rahbari Mansur Mirzayev, O‘zbekiston Kurash federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Qodirov hamda rais yordamchisi Sardorbek Karimov ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda 2025 yilda Bahrayn va Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan III Yoshlar Osiyo o‘yinlari hamda Islom birdamlik o‘yinlarida Kurash bellashuvlarini yuqori darajada tashkil etishga oid tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Muhammad Reza Nassiri Kurash vatani — O‘zbekiston hukumatining doimiy qo‘llab-quvvatlashi sport turining jahon miqyosidagi nufuzini yanada oshirayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, xalqaro musobaqalar uchun sifatli yaktaklar va kurash gilamlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalasi yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV Jahon chempionatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.