Kurash. Gonkongda Kurash usullari bo‘yicha ilk milliy chempionat o‘tkazildi
Gonkongda Kurash usullari bo‘yicha ilk milliy chempionat o‘tkazildi
2026 yil 15 mart kuni Xitoyning Hong Kong shahrida Kurash tarixida yana bir muhim sahifa ochildi. Sham Shui Po sport markazida ilk bor Kurash usullari bo‘yicha milliy chempionat tashkil etildi.
Mazkur musobaqada jami 30 nafar mahalliy sportchi ishtirok etdi. Bellashuvlar doirasida Kurash usullarining 1–7 guruhlar kesimida har bir usul bo‘yicha sakkizta texnika namoyish etildi va ishtirokchilarning mahorati xalqaro standartlar asosida baholandi.
Xususan, baholash jarayonida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi, Xalqaro Kurash instituti hamda Osiyo Kurash konfederatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy texnik tizim qo‘llanildi.
Shuningdek, chempionat doirasida ikki soatlik o‘quv-seminar ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar uchun Kurash usullari bo‘yicha namoyishlar o‘tkazilib, har bir texnikadagi asosiy jihatlarni to‘g‘ri taqdim etish masalalari atroflicha tushuntirildi.
Seminarni Gonkong Kurash federatsiyasi raisi, xalqaro darajadagi murabbiy TSE Lai Yee Michelle hamda federatsiya bosh kotibi CHUNG Yuk Keung olib bordi.
Mazkur musobaqa va o‘quv jarayoni Gonkongda Kurashning texnik asoslarini chuqur o‘zlashtirish, yangi avlod kurashchilarini tayyorlash hamda xalqaro mezonlarga mos tizimni joriy etishda muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.