Kurash bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligi Bahrayndan Qozog‘istonga ko‘chirildi
Birlashgan jahon kurash tashkiloti (UWW) Byurosi sport kurashlari bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatini Bahrayndan Qozog‘istonga ko‘chirish haqida yakuniy qaror qabul qildi. Bu haqda Rossiya sport kurashlari federatsiyasi (RSKF) rasmiy sayti ma’lum qildi. Tashkilot prezidenti Mixail Mamiashvilining ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi hozirgi geosiyosiy vaziyat sababli musobaqani Manama shahridan boshqa davlatga ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan.
Tarixiy musobaqani o‘zida qabul qilish uchun Osiyoning ikki yirik kurash mamlakatlari — Qirg‘iziston va Qozog‘iston da’vogarlik qildi. Ovoz berish jarayonida atigi birgina ovoz farqi bilan Qozog‘iston g‘olib chiqdi va nufuzli turnirni o‘tkazish huquqi Ostona shahriga topshirildi. Endilikda qardosh mamlakat poytaxti dunyoning eng kuchli polvonlarini o‘zida jamuljam etadi.
Kurash olamida yilning eng muhim va yirik voqeasi hisoblangan JCh-2026 musobaqalari joriy yilning 24 oktabridan 1 noyabriga qadar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu jahon birinchiligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi polvonlari ham har uchala xalqaro yo‘nalishda (erkin, yunon-rum va ayollar kurashi) eng kuchli tarkib bilan ishtirok etishi kutilmoqda.