Koreya Respublikasi elchisi kubogi uchun musobaqaning ochilish marosimi o‘tkazildi
Toshkentda taekvondo WT bo‘yicha Koreya Respublikasi elchisi kubogi uchun musobaqa bo‘lib o‘tmoqda. Bugun ushbu turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Universal” sport majmuasida tashkil etilgan tadbirda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yon, Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov ishtirok etishdi.
Rasmiylar yurtimizda ushbu sport turining rivoji yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, sportchilarimiz xalqaro maydonda yuqori natijalar ko‘rsatib kelayotganini, shuningdek, bu kabi musobaqalar har ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda yana-da turtki bo‘lishini ta’kidlashdi. Shuningdek, rasmiylar barcha sportchilarni 4-sentabr – Butunjahon taekvondo kuni bilan tabriklab, ularga o‘zlarining iliq tilaklarini bildirishdi.
Eslatib o‘tamiz, yoshlar o‘rtasida tashkil etilayotgan turnirda Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan sportchilar bahs olib borishmoqda.