Kamondan otish. MDH o'yinlari. O'zbekiston 3 ta medalni qo'lga kiritdi
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan MDHning III o‘yinlarida O‘zbekiston kamondan otish terma jamoasi yuqori natijalarni qayd etib, sovrinlar jamg‘armasini turli darajadagi 3 ta medal bilan boyitdi.
Musobaqaning eng yorqin yulduziga aylangan Bekzod Boborajabov erkaklar o‘rtasidagi yakka tartibdagi final bellashuvida rossiyalik Pavel Semyonovni 7:3 hisobida mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi jamoaviy dasturda Nilufar Xamroyeva, Bibixojar Yuldosheva va Malika Anvarjonova muvaffaqiyatli ishtirok etib, mustahkam jamoaviy o‘yin, yuqori mahorat va jonkuyarlikni namoyon etishdi va kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekistonning erkaklar jamoasi — Bekzod Boborajabov, Tigran Esanov va Muhammadali Karimberdiyevlardan iborat tarkibda munosib harakat qilib, musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston Kamondan otish federatsiyasi raisi R.Djurayev va federatsiya a’zolari nomidan sportchilarimizni shonli g‘alaba bilan chin yurakdan tabriklaymiz! Sizlar tomoningizdan qo‘lga kiritilgan ushbu medallar – O‘zbekiston kamondan otish maktabi xalqaro maydonda tobora mustahkamlanib, olg‘a intilayotganining yorqin isbotidir. G‘alabalar muborak bo‘lsin!