Kamondan otish bo‘yicha mahorat darslari: foydali dam olish va sport tarbiyasi
Yurtimizning barcha hududlarida yoshlar o‘rtasida kamondan otish sportini ommalashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikda Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari tomonidan yoshlarni sportga jalb etish, ularning sog‘lom turmush tarziga qiziqishini oshirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyatida Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasiga qarashli harbiy qismlardan birida “Jasorat maktabi” o‘quvchilari va mahalliy yoshlar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda ishtirokchilar kamondan otish texnikasi, nishonga olish asoslari hamda jihozlardan xavfsiz foydalanish qoidalari bilan batafsil tanishtirildi.
Toshkent viloyatida esa bunday mashg‘ulotlar mahallalar va ta’lim muassasalarida muntazam o‘tkazilmoqda. Gvardiyachilar hamda Federatsiya murabbiylari bolalarga ushbu sport turi, uning tarixi va asoslari haqida tushunchalar berishmoqda.
Surxondaryo viloyatida ushbu tashabbusga 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 90 nafardan ortiq “Jasorat maktabi” o‘quvchilari jalb etildi. Tajribali murabbiylar va gvardiyachilar rahbarligida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda bolalar nishonga olish va kamondan otishning ilk ko‘nikmalariga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ular ushbu sport turi bilan bog‘liq odob-axloq va madaniyat bilan ham tanishdilar.
Mazkur tashabbus yoshlarda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning jismoniy faolligini ta’minlash va foydali dam olishlarini tashkil etishda muhim o‘rin tutmoqda.