Kamon otish bo‘yicha mahorat darslari: mahoratni sinash va sport tarixi haqida yangi ma’lumot olish imkoniyati
Kamon otish sportini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, shuningdek, yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni sportga keng jalb qilish maqsadida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda muntazam ravishda maktab o‘quvchilari hamda yosh sportchilar uchun mahorat darslarini o‘tkazib kelmoqda.
Ana shunday tadbirlar doirasida Milliy gvardiyaning Andijon va Namangan viloyatlari boshqarmalarida kamon otish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilarga ushbu sport turining asoslari, o‘q otish texnikasi, nishonga olish qoidalari va harakatlarning o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yoshlar kamon otish tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishib, tajribali murabbiylar rahbarligida o‘z kuchi va aniqligini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunday mahorat darslari istiqbolli yosh kamonchilarni erta aniqlashga xizmat qiladi, o‘smirlarni sog‘lom turmush tarziga undaydi hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va faol o‘tkazish uchun samarali sharoit yaratadi.