Joshua Van navbatdagi raqibini tanladi
UFC’ning eng yengil vazn toifasidagi amaldagi chempioni Joshua Van keyingi jangini reytingning birinchi raqamli vakili Manel Kapega qarshi o‘tkazishni istayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Van o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Manbaga ko‘ra, chempion portugaliyalik jangchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgan: “Vazn tashlashni hozirdanoq boshla. Bizga vazn bilan bog‘liq yana bir bahona kerak emas. Odamlarga ular xohlayotgan jangni beraylik”, — deya yozgan Van.
32 yoshli Manel Kape UFC’da 2021-yildan buyon ishtirok etmoqda. U tashkilotdagi faoliyati davomida sakkizta g‘alaba va uchta mag‘lubiyat qayd etgan. Kape hozirda divizion reytingida birinchi o‘rinda turibdi.
Ma’lumot uchun, Manel Kape oxirgi jangini iyun oyida UFC Fight Night 279 turnirida o‘tkazib, yaponiyalik Kyoji Horiguchini texnik nokaut bilan mag‘lub etgan. Van–Kape jangi hozircha UFC tomonidan rasman e’lon qilinmagan.