Joriy yilning 2 iyun kuni Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idagi “Chinor tagi” istirohat bog‘ida belbog‘li kurash bayrami bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 2 iyun kuni Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idagi “Chinor tagi” istirohat bog‘ida belbog‘li kurash bayrami bo‘lib o‘tdi.
Vodil qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetgan, kurash muxlislari qalbidan joy olgan, o‘z davrining mashhur va nomdor polvonlari bo‘lgan - Xamid polvon Teshaboyev, Temir polvon Mamajonov va Tursunali polvon Mamajonovlar xotirasi uchun hamda 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar o‘rtasida an’anaviy respublika ochiq turniri o‘tkazildi.
Mazkur Respublika ochiq turnirida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston davlatlaridan 200 nafarga yaqin eng nomdor polvonlar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Farg‘ona viloyati sport boshqarmasi, Farg‘ona tumani hokimligi hamda viloyat belbog‘li kurash federatsiyasi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur turnirda polvonlar 8 ta vazn toifalarida bellashishdi. Turnir doirasida shuningdek, tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, elda aziz polvon bobolarning yorqin xotirasi uchun tashkil etilgan belbog‘li kurash bellashuvlari shiddatli va murosasiz bo‘ldi.
Ayniqsa, har eshigidan ha desa polvonlar bo‘y ko‘rsatadigan, asli naslida polvonlik qoni ufurib turadigan vodillikliklarning kurashini ko‘p sonli belbog‘li kurash muxlislari shodu xurramlik bilan olqishlab turishdi.
Ochig‘i, biz ham bellashuvlarni kurash maydonida turib tomosha qildik va shu yerlik aholining milliy sport turimiz belbog‘li kurashni ashaddiy shaydosi ekanligiga, polvonlaridan g‘ururlanishiga havas qildik. Yanayam e’tiborlisi, bog‘cha bolalarining ham belbog‘li kurash bahslarini quvonch bilan kuzatishi bo‘ldi.
Sayil kurashi tarzida o‘tgan ushbu turnirda Najmiddin Umarov, Hayotbek Kamoliddinov, Nodirbek Haydaraliyev, Diyorbek Polvonboyev, Fayozbek Abdug‘affarov, Pahlavon Umaraliyev, Oybek Muhammadov, Bobirjon To‘xtasinov singari polvonlar o‘z vazn toifalarida raqiblarini yengib, tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovrinlarga ega bo‘lishdi.