Jon Jons UFC tarixidagi eng buyuk jang qaysiligini aytdi
Og‘ir va yarimog‘ir vazn toifalarida sobiq UFC chempioni, 38 yoshli amerikalik afsona Jon Jons o‘z talqiniga ko‘ra promoushen tarixidagi eng buyuk to‘qnashuvni ma’lum qildi.
«Suyak» laqabi bilan mashhur jangchining fikricha, tashkilot tarixidagi eng saralangan jang uning shvetsiyalik Aleksandr Gustafssonga qarshi o‘tkazgan ilk jangi hisoblanadi.
«Mening fikrimcha, bu — Aleksandr Gustafssonga qarshi kechgan birinchi jangim. Bunday qarama-qarshilikning bir bo‘lagi bo‘lish juda maroqli. Hozir ham o‘sha jangni tomosha qilishni yaxshi ko‘raman», — dedi Jons sportsnet nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Jons va Gustafsson o‘rtasidagi ilk jang 2013 yilning 21 sentabr kuni Kanadaning Toronto shahridagi «Eyr Kanada-Sentr» arenasida bo‘lib o‘tgan. UFC 165 turnirining markaziy jangi bo‘lgan ushbu bahs to‘liq besh raund davom etgan. O‘shanda Jon Jons hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozonib, o‘z kamarini munosib himoya qilgan edi.
Ushbu jang 2020 yilda UFC «Shon-sharaf zali» (Hall of Fame) qatoridan ham joy olgan.