Jizzax viloyatida sportni rivojlantirish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda
Joriy yilning 3-fevral kuni Sport vaziri Adkham Ikramovning Jizzax viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan, vazirlikning Ommaviy sportni rivojlantirish bo'limi boshlig'i Sherzod Olimov hamda AKTni joriy etish va sun'iy intellektni rivojlantirish bo'limi boshlig'i Navroʻz Shoymardonovlar boshchiligida yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ommaviy sportni aholi o'rtasida rivojlantirish va raqamlashtirish hamda sport maktablaridan biriktirilgan trener selektsionerlariga o'quv seminari tashkil etildi.
Shuningdek, Sport vaziri ishtirokida Jizzax viloyatida o'tkazilgan sayyor qabul davomida Jizzax Politexnika instituti talabasi tomonidan oliygoh talabalari sportning stol tennis turiga qiziqishlari yuqori ekanligi va jihozlar bilan ta'minlash masalida amaliy yordam so'ralgan edi.
Talabalarning sportga boʻlgan qiziqishlari qoʻllab-quvvatlanib, Sport boshqarmasi hamda Stol tennisi federatsiyasi tomonidan Jizzax Politexnika instituti stol tennisi jihozlari bilan ta'minlandi.