locale OZ

Javohir Sindarov: Pozitsiya barqaror edi, lekin imkon topilgach bosimni oshirdim

Nomzodlar turniri 6-turidan so‘ng Javohir Sindarov Vey Yi ustidan qozongan g‘alabasini batafsil sharhlab berdi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Javohir Sindarov: Pozitsiya barqaror edi, lekin imkon topilgach bosimni oshirdim
photo: Chess Uzbekistan

Nomzodlar turniri 6-turidan so‘ng Javohir Sindarov Vey Yi ustidan qozongan g‘alabasini batafsil sharhlab berdi.

Uning aytishicha, partiya murakkab va ikki tomon uchun ham xavfli bo‘lgan:

“Boshlanishida pozitsiya yomon emas edi, lekin bir payt biroz noqulay bo‘la boshladi. Keyin fil d4'ga kelgach, o‘yinim ochildi. Shu bilan birga vaqt ustunligi ham paydo bo‘ldi va asta-sekin bosim qilishni boshladim.”

Sindarov o‘yinning muhim jihatlaridan biri — vaqt omili ekanini yana bir bor ta’kidladi:

“Agar vaqt ko‘p bo‘lsa, o‘zingni ancha dadil his qilasan. Kichik taktik detallarni o‘tkazib yubormaslik juda muhim. Shuning uchun vaqt ustunligi bo‘lsa, tezroq o‘ynayman, lekin hammasini tekshirib boraman.”

U debyut bosqichi haqida ham qiziqarli fikr bildirdi:

“4-yurishdan keyin men deyarli tayyorgarlikdan chiqdim. Bu variantni aniq tayyorlamagandim. a3 yurishi men uchun kutilmagan bo‘ldi, lekin pozitsiya juda yomon emas - o'ynasa bo'ladigan edi.”

Dinamik pozitsiyalar uning uslubiga mos kelishini ham yashirmadi:

“Men dinamik o‘yinlarni yoqtiraman. Ikkala tomon uchun ham g'alabaga imkoniyatlar bo‘lgan pozitsiyalarda o‘ynashdan zavq olaman.”

Sindarov hatto durang natijani ham yomon deb hisoblamaganini aytdi:

“Agar raqib juda aniq himoyalansa, durang ham yomon natija bo‘lmasdi. Lekin seytnotda u kichik xatolarga yo‘l qo‘ydi va men ularni aniq ishlata oldim.”

Turnir davomida qanday yondashuvni tanlagani haqida esa u shunday dedi:

“Bu mening birinchi Nomzodlar turnirim, albatta juda muhim turnir. Lekin ortiqcha bosim bo'lsa, o‘ynash qiyinlashadi. Shuning uchun shunchaki oddiy shaxmat o‘ynashga harakat qilyapman.”

O‘ziga bo‘lgan ishonch haqida esa u juda muhim fikr bildirdi:

“Agar turnir oldidan yaxshi tayyorlansam, o‘zimga ishonaman. Qiyin pozitsiyalarda ham to‘g‘ri yurishlarni topa olishimga ishonch bo‘ladi.”

Yakunda u yana bir muhim jihatni ta’kidladi:

“Bu vaqt nazoratida o‘ynashni ham endi o‘rganayapman. Hali ko‘p narsani o‘rganishim kerak, lekin hozircha hammasi yaxshi ketmoqda.”

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting