locale OZ

Javohir Sindarov: Bizda raqobatdan ko‘ra hamjihatlik kuchliroq

Grand Chess Tour bahslariga tayyorgarlik ko‘rayotgan grossmeysterimiz Javohir Sindarov o‘zining so‘nggi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Javohir Sindarov: Bizda raqobatdan ko‘ra hamjihatlik kuchliroq
photo: Chess Uzbekistan

Kiprdagi muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng navbatdagi Grand Chess Tour bahslariga tayyorgarlik ko‘rayotgan grossmeysterimiz Javohir Sindarov o‘zining so‘nggi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Javohir Toshkentdagi muhit va davlatimiz rahbari bilan uchrashuv haqida shunday deydi:

"Toshkentda o‘tgan har bir daqiqadan zavqlanyapman. Prezidentimiz bilan uchrashuv a’lo darajada o‘tdi. Bu vaqtlar men uchun xuddi shirin tushdek bo‘ldi. Mehnat shuhrati ordeni yurtimizdagi eng yuksak mukofotlardan biri. To‘g‘risi, bu e’tiborning mas’uliyatini hali oxirigacha his qilib ulgurganim yo‘q, lekin Prezidentimiz bilan ko‘rishish va u kishidan energiya olish men uchun juda muhim. Bu qo‘llab-quvvatlash kelgusi turnirlarda menga katta motivatsiya beradi"

Suhbat davomida shaxmatga davlatimiz tomonidan berilayotgan e’tibor ham qayd etildi:

"O‘zbekiston so‘nggi 2-3 yilda shaxmatda ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Hukumatimiz bizni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlayapti. Shaxmatga mamlakatimizda davlat darajasida homiylik qilinmoqda. Bu juda muhim va biz buning uchun minnatdormiz. Oldinda bizni Samarqandda o‘tadigan Olimpiada va o‘ta qiziqarli AQSH va O‘zbekiston matchi kutyapti. Bu uchrashuv o‘ziga xos shou bo‘lishi aniq, men esa jamoaviy bahslarni juda yaxshi ko‘raman"

Muxlislar Nodirbek va Javohir o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yuqori baholashadi. Javohir bu borada ham o’z fikrlari bilan bo’lishdi:

"Nodirbek juda yaxshi inson. Har bir turnirda unga muxlislik qilaman. U Nomzodlar turniri davomida va undan oldin ham menga ko’p yordam berdi. Men u bilan bir jamoada o‘ynashimdan faxrlanaman. Bizda raqobatdan ko‘ra hamjihatlik kuchliroq.Umuman olganda, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining barchasi dunyodagi eng yaxshilari. Mamlakatimiz sharafini himoya qilishdan hamisha g‘ururlanaman"

Javohirning Grand Chess Tour doirasida 🇮🇳Gukesh bilan bo‘ladigan partiyasi barcha uchun qiziq. Chunki bu Javohir Nomzodlar turnirida g‘alaba qozonib, Jahon toji da’vogariga aylanganidan keyingi ilk yuzma-yuz uchrashuv bo‘ladi:

"Gukesh bilan bo‘ladigan o‘yin haqida ko‘p o‘ylayotganim yo‘q. Chunki bu mutlaqo boshqa turnir, boshqa vaqt nazorati va boshqa vaziyat. Gukesh ham xuddi shunday fikrda bo‘lsa kerak. Yil oxirida bizni juda muhim bahs (Jahon chempionligi uchun) kutmoqda. Hozir esa asosiy vazifamiz bor e’tiborni shu turnirga qaratish va sifatli shaxmat ko‘rsatishdir"

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting