Jahonobodda belbog'li kurash bo'yicha xotira turniri o'tkaziladi
Rishton tumanida Jahonobod degan qishloq borligini belbog‘li kurashning ashaddiy muxlislari yaxshi bilishadi.
Boisi, qishloqda belbog‘li kurashning chin ustalari, yelkasi yer ko‘rmagan polvonlari, o‘xshatish joiz bo‘lsa "bulut chaynab, qor purkagan" polvonlari bisyor.
Joriy yilning 3 may kuni ushbu qishloqda tashkil etiladigan belbog‘li kurash bo‘yicha an’anaviy Respublika ochiq turniriga keling, rosti, alplar bellashuviga guvoh bo‘lasiz.
Shu elda yashab, belbog‘li kurash rivojiga katta hissa qo‘shgan ustoz polvonlar xotirasiga bag‘ishlab Rishton tumani hokimi kubogi uchun ushbu Respublika ochiq turniri Rishton tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, Farg‘ona viloyat sport boshqarmasi, viloyat belbog‘li kurash federatsiyasi hamda homiylar ko‘magida tashkil etiladi.
9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan mazkur an’anaviy turnirda Ahmadjon polvon Egamov, Abduqodir polvon Jumaboyev, Azim polvon Qo‘ldoshev, Orifjon polvon Sobirov, Beg‘amjon polvon Ermatov, Abdulla polvon Mamayusupov singari nomdor polvonlar xotirasi yod etiladi.
Shunday ekan Rishtonning Jahonobod qishlog‘iga marhabo.
Ishonavering, takror aytaman - bunda siz alplarning shiddatli kurashiga guvoh bo‘lasiz!