locale OZ

Jahon chempionati start oldi: Dzyudochilarimiz uchun ilk kun qanday o‘tdi?

Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Rasm: Gazeta.uz

13-iyun kuni, Vengriya poytaxti Budapesht shahrida kattalar o‘rtasidagi dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga start berildi. Musobaqaning birinchi kunida ayollar -48 kg va erkaklar -60 kg vazn toifalarida g‘oliblar aniqlanmoqda. Yilning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan mazkur chempionatda har kuni erkaklar va ayollar o‘rtasida bittadan vazn toifasida chempionlar nomi e’lon qilinadi.

Afsuski, musobaqaning ilk kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun omadli boshlanmadi. Uch nafar dzyudochimiz — Halimajon Qurbanova, Laziza Haydarova va Bahrom Boturov musobaqani erta tark etdi.

Halimajon Qurbanova (-48 kg), jahon reytingida 30-o‘rinda turgan sportchimiz, musobaqani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichdan boshladi. U belgiiyalik Lois Petitga qarshi kurashda shido ogohlantirishlari natijasida mag‘lub bo‘ldi.

Laziza Haydarova (-48 kg) uchun esa bu jahon chempionati kattalar o‘rtasidagi ilk yirik sinov bo‘ldi. 18 yoshli navoiylik dzyudochimiz musobaqaning birinchi bosqichidayoq taniqli raqib — Parij-2024 Olimpiadasi bronza medali sovrindori, jamoaviy Olimpiya chempioni, jahon chempionati finalchisi va to‘rt karra Yevropa chempioni fransiyalik Shirin Bukliga qarshi ro‘baro‘ keldi. Haydarova bahsda munosib harakat qilgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha daqiqalarda shido ogohlantirishi bilan imkoniyatni boy berdi.

Eslatib o‘tamiz, Laziza Haydarova joriy yilda Grand Prix Upper Austria musobaqasida bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham shohsupaga ko‘tarilgan.

Bahrom Boturov (-60 kg) esa musobaqani ikkinchi bosqichdan boshladi. U mo‘g‘ulistonlik Ariunbold Enkhtayvanga qarshi bahs olib bordi. Afsuski, bu bellashuvda Bahrom ippon bahosi bilan yutqazib, musobaqani tark etdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi uchun jahon chempionatining birinchi kuni kutilganidek yakun topmadi. Endi esa umidlarimiz keyingi kunlarda tatamiga chiqadigan dzyudochilarimizning harakatlariga bog‘liq.

Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting