Islam Maxachev navbatdagi jangi qachon boʻlishini maʼlum qildi
UFCʼning yarimoʻrta vazn toifasidagi (77 kg gacha) 34 yoshli amaldagi chempioni, rossiyalik Islam Maxachev promoushendagi navbatdagi jangini qachon oʻtkazishini ochiqladi.
«Navbatdagi jangim avgust oyida boʻlishini bilaman. Raqib kim boʻlishi borasida hozircha 100 foiz aniqlik yoʻq. Lekin allaqachon yomon boʻlmagan sport formasiga kirib ulgurganman», — dedi Maxachev.
Hozingi vaqtda Maxachev UFCʼda 16 ta gʻalabadan iborat seriya qayd etmoqda. Islam faoliyati davomida jami 28 ta gʻalaba va bitta magʻlubiyatga ega. Rossiyalik sportchi Nyu-Yorkdagi UFC 322 turnirida oʻtkazilgan soʻnggi jangida avstraliyalik Jek Della Maddalena bilan toʻqnash kelgan edi. Yarimoʻrta vazn toifasining chempionlik kamari tikilgan oʻsha bahsda Maxachev hakamlarning yakdil qarori bilan gʻalaba qozongandi.