IKA vitse–Prezidenti Centro Caribe Sports Bosh Assambleyasida ishtirok etmoqda
24 iyul kuni Santo-Domingo shahrida start oladigan va 8 avgustga qadar davom etadigan XXV Markaziy Amerika va Karib dengizi o‘yinlari oldidan Centro Caribe Sports Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Yirik sport forumida Olimpiya harakati va qit’a sport tashkilotlari rahbarlari ishtirok etib, kun tartibidagi qator strategik masalalarni muhokama qildilar.
Bosh Assambleya davomida Centro Caribe Sports Prezidenti, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) a’zosi Luis Mejía Oviedo yig‘ilish ishtirokchilariga Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Panamerika Kurash ittifoqi Prezidenti Jaime Casanova Martínezni tanishtirdi. Shuningdek, yig‘ilishda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Prezidenti Ziyoviddin Xojiniyozovning Santo-Domingoga tashrifi rejalashtirilayotganli ham e’lon qilindi, Tashrif davomida Ziyoviddin Xojiniyazov XXV Markaziy Amerika va Karib dengizi o‘yinlari doirasida tashkil etiladigan qator rasmiy tadbirlar hamda uchrashuvlarda ishtirok etishi ma’lum qilindi.
Bosh Assambleya kun tartibidan tashkilot komissiyalarining hisobotlari, moliyaviy hisobot, o‘yinlarga tayyorgarlik jarayonlari, sport inshootlarining holati hamda Centro Caribe Sports faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan muhokamalar o‘rin oldi.
Tadbirda Panam Sports Prezidenti, XOQ a’zosi Neven Ilic, «Santo Domingo 2026» Tashkiliy qo‘mitasi Prezidenti José Monegro, milliy olimpiya qo‘mitalari rahbarlari, xalqaro va qit’aviy sport tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi rahbariyatining mazkur nufuzli tadbirdagi ishtiroki kurash sport turining Amerika mintaqasidagi pozitsiyalarini yanada mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda sport diplomatiyasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.