III MDH o‘yinlarida basketbolchilarimiz munosib ishtirok etishdi
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan III MDH o‘yinlarida basketbolning 3x3 turi bo‘yicha O‘zbekiston o‘g‘il bolalar (U 17) va qizlar (U 17) terma jamoalari munosib ishtirok etishdi.
Musobaqalar Gyandja shahridagi Gyandja basketbol kortida o‘tkazildi. Unda 8 ta davlatdan 32 ta jamoa ishtirok etdi.
Turnirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan kelgan sportchilar qatnashdi.
Timur Xodjayev, Alisher Igamberdiyev, Damir Davletyarov, Ali To‘ychiyevdan iborat o‘g‘il bolalar terma jamoamiz musobaqada bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
Rayxona Salimova, Maftuna Komilova, Sevinch Mamirova, Muxarramoy Abdukarimova qizlar (U 17) terma jamoamiz ham munosib ishtirok etib, salohiyatlari baland ekanini yaqqol namoyish qildilar.
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari III o‘yinlaridan qaytgan O‘zbekiston terma jamoalari bugun poytaxt aeroportida tantanali tarzda kutib olindi.