locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Husniddin Nishonov: "Yanada kuchliroq chempionat va klublarda o‘ynashni istayman"

Boshqa sport turlari 17 apr 2025 da 02:56
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Husniddin Nishonov: "Yanada kuchliroq chempionat va klublarda o‘ynashni istayman..."
PHOTO: Telegram

O‘zbekiston - Tojikiston terma jamoalari (1:0) o‘rtasidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin legionerimiz Husniddin Nishonov ("Viten", Belarus) bilan musohaba uyushtirdik.

- Husniddin, avvalo g‘alaba bilan tabriklaymiz. Bugungi o‘yinda qayd etilgan hisob dastlabki uchrashuvdagiga nisbatan biroz kamtarona bo‘ldi...
- Tabrik uchun rahmat. Bizda ham, qo‘shni Tojikiston Respublikasi terma jamoasida ham avlodlar almashinuvi jarayoni kechyapti. Dastlabki bahsda jamoalar ochiq futbol namoyish etishdi. Tezkor kiritilgan gol "ishtahamizni ochib yubordi" deyish mumkin. Kayfiyat ko‘tarinki bo‘lganda o‘yin ham qovushadi. Natijada biz yirik hisobda g‘alaba qozongandik. Bugun esa raqiblarimiz himoyada juda zich va tartibli harakat qilishdi. Butun e’tiborni o‘z darvozalari dahlsizligini saqlab qolishga qaratishdi va qarshi hujumda o‘ynashdi. Buni deyarli uddalashdi, deyish mumkin. Faqat bittagina gol o‘tkazib yuborishdi, biroq javob qaytarishning uddasidan chiqisholmadi. U yirik hisobda bo‘ladimi, kichik hisobda bo‘ladimi, g‘alaba baribir yoqimli.
Tojikiston terma jamoasi tarkibida juda ko‘p yosh, yangi o‘yinchilarni ko‘rdik. Xuddi bizdagi kabi. Mamlakatimizda o‘tkazilgan so‘nggi Jahon chempionatidagi omadsizlikni tezroq unutib, jangovor holatimizni tiklab olishimiz kerak. Yiqilgandan keyin turishni ham bilishimiz kerak. Bizda futzal bor edi, hozir ham rivojlanish yo‘lidamiz, bundan keyin ham bo‘ladi. Bu borada yangilangan murabbiylar shtabimiz samarali ish olib boryapti, deb o‘ylayman. Nodir Eliboyev hamda u kishining yordamchilariga rahmat. Jamoaning ham jismoniy, ham ruhiy tayyorgarligiga katta urg‘u qaratishyapti. Xudo xohlasa, qit’a hamda jahon miqyosida hali yana o‘z so‘zimizni aytamiz.

- Ayni paytdagi murabbiylar shtabining ish uslubini futzalchilar qanday qabul qilyapti?
- Nodir aka bilan klubda ham birga ishlagandik. U kishi doimo izlanuvchan, yangilikka intiluvchan inson. Albatta, terma jamoalar miqyosidagi avvalgi murabbiylarga nisbatan bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urgan. Bizda ishlab ketgan xorijlik murabbiylar, o‘zimizning ustozlarning ish uslubidan farqli jihatlar ko‘p. Xorijlik mutaxassislar paytida jismoniy yuklamalar ko‘p berilgan. Bahodir aka Ahmedov ustozlik paytida taktik yo‘nalishlar boshqacharoq edi. Nodir Eliboyev tanlayotgan uslub u kishinikidan ham farqlanadi. Ayni paytdagi murabbiylar shtabi yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratyapti. Terma jamoamizga ilk marta jalb etilgan o‘yinchilar ko‘p. Qon yangilanayapti, deyishadimi, xuddi shunaqa. Hozircha barchasi ko‘ngildagidek boryapti deyish mumkin. Terma jamoamiz to‘rtta o‘yin o‘tkazdi va barchasida g‘alaba qozondi. Men poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan mana shu oxirgi ikkita o‘yinda qatnashdim. Murabbiylarning ko‘rsatmalariga to‘liq rioya etgan holda harakat qilayapmiz. Jamoamizni to‘liq shakllantirib olish uchun hali vaqt kerak. Oldinda bizni mas’uliyatli musobaqalar kutib turibdi. Ungacha biroz vaqt bor. Nasib bo‘lsa, yanada kuchayamiz. Muxlislar oldida so‘nggi jahon chempionatidagi omadsizlik bois, qarzimiz bor. 2026-yilgi Osiyo chempionatida sovrindorlar qatoriga kirishimiz zarur. Keyingi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, final bosqichida avvalgi xatolarni takrorlamasligimiz va yuqoriroq natijalar bilan muxlislarimizni xushnud etishimiz lozim.

- Husniddin, faoliyatingizda yangi sahifa ochdingiz, legionerga aylandingiz. Belarus chempionati darajasi, jamoangiz hamda o‘zingizning undagi ishtirokingiz haqida gapirib bersangiz...
- Belarus mamlakati futzalining biznikidan farqli jihatlari anchagina. O‘zimizning futzalimiz darajasini aslo kamsitmoqchi emasman. Shu yerda tug‘ildim, o‘sdim, futzalchi sifatida voyaga yetdim, hammasi uchun Vatanimizga rahmat. Belarusda ko‘proq o‘yinchilarning jismoniy tayyorgarligi, o‘yin davomida atletik kurashlarga jiddiy e’tibor qaratiladi. Bu borada ular oldinda. Bizda 2-3 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib borsa, ularda g‘oliblikka da’vogarlar soni ko‘proq. Teng kuchli 6-7 ta jamoa borki, sovrinli o‘rinlar uchun kurash ular orasida juda jiddiy kechadi. Belarus Elita ligasida 12 ta jamoa ishtirok etadi. Bu yilgi chempionat tugashiga uch tur qoldi. Ayni paytda men o‘ynayotgan "Viten" peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinda borayotgan VRZ hamda "Stolitsa" jamoalari hisobida ham bizniki kabi 43 ochko bor. O‘zaro o‘yin va to‘plar nisbatiga ko‘ra biz birinchi o‘rinni egallab turibmiz. 4-o‘rinda borayotgan "Oxrana" hisobida 41 ochko bor. So‘nggi ikki turda jamoamiz afsuski, imkoniyatni boy berib qo‘ydi va raqiblarning tenglashib olishiga imkon yaratdik. Endi bo‘lg‘usi uchrashuvlarning hech birida ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Bo‘lmasa, istalgan turda vaziyat o‘zgarib ketishi mumkin. Ikkinchi davra yakuniga yetgach, pley-off bahslari boshlanadi. Bizni oldinda juda jiddiy va murosasiz raqobatlar kutib turibdi.

Bevosita o‘zimning o‘yinimga keladigan bo‘lsam, yuz foiz qoniqish hosil qilyapman deyishim qiyin. Bilasiz, o‘zimga juda talabchanman. Birinchi mavsum "Viten"da ikkinchi to‘rtlikda muntazam maydonga tushib turibman. Gollar urdim, chempionatda ham, mamlakat kubogida ham. Sariq kartochkalarim ham yetarli (kuladi). Xullas, chempionlikni qo‘lga kiritsak, hammasi joyida bo‘ladi...

- Belarus mamlakati Ko‘hna qit’a sari bizning futbolchilar uchun tramplin vazifasini o‘tab beradi. Abduqodir Husanovni nazarda tutayapman. Sizda ham Yevropa sari yuzlanish niyatlari bormi...
- Belarus chempionatida — katta futbolda ham, futzalda ham matbuot xizmatiga juda jiddiy e’tibor qaratilar, ularga sharoitlar yaratib berilar ekan. Barcha o‘yinlar ijtimoiy tarmoqlarga, jumladan “Youtube” kanallariga joylab boriladi. O‘yinlarni kuzatadigan auditoriya ham keng. Tabiiyki, ular orasida Yevropaning mashhur klublari, jamoalari skautlari ham bor. Maqsadlarim ulkan. Alloh nasib qilsa yanada kuchliroq chempionatlarda, nomdor klublarda to‘p tepishni istayman.

- Ko‘p sonli mamlakatimiz futzal ishqibozlari nomidan orzularingiz ro‘yobga chiqishini, istaklaringizga erishishingizni tilaymiz.
- Rahmat.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting