Hotambek Boynazarov jangovar karateda debyut qiladi — raqibi Xabib jamoasidan
2-may kuni Dubayda (BAA) Karate Combat 54 turniri bo‘lib o‘tadi. Kechaning markaziy jangida sobiq UFC jangchisi Sem Elvi va professional bokschi Tayron Sang og‘ir vazndagi chempionlik kamarini qo‘lga kiritish uchun to‘qnash keladi. Ko-markaziy jangda esa yana bir sobiq UFC jangchisi Muhammad Mo‘qayev qozoqistonlik Bolat Zamanbekovga qarshi oktagonga chiqadi.
O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan Hotambek Boynazarovning ishtirokiga alohida e’tibor qaratilmoqda. U jangovar karate qoidalari bo‘yicha rossiyalik Saygid Izagahmaevga qarshi jang qiladi. Izagahmaev — Xabib Nurmagomedov jamoasi vakillaridan biri.
Ushbu to‘qnashuv har ikki sportchi uchun jangovar karatedagi ilk sinov bo‘ladi. Boynazarov avval 10 ta MMA jang o‘tkazgan va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Izagahmaev esa professional faoliyatida 22 ta g‘alaba va faqat 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan.