Hotambek Boynazarov 24 iyul kuni oktagonga qaytadi
Yarim oʻrta vazn toifasida UAE Warriors ligasi chempioni boʻlgan oʻzbekistonlik MMA jangchisi Hotambek Boynazarovning navbatdagi jangi sanasi va joyi maʼlum boʻldi. Uning murabbiyi bildirganiga koʻra, Boynazarov 24 iyul kuni Abu-Dabidagi Space42 Arena majmuasida boʻlib oʻtadigan UAE Warriors 62 turnirida ishtirok etadi.
Hozircha raqibi rasman eʼlon qilinmadi. Shu bilan birga, mutaxassisning soʻzlariga koʻra, u kuni Hotambek UFCʼning sobiq jangchilaridan biriga qarshi ringga chiqadi.
Eslatib oʻtamiz, Boynazarov hozirgacha professional MMAda 10 ta jang oʻtkazgan va barchasida gʻalaba qozongan. U soʻnggi marta oʻtgan yilning oktyabrida oktagonga chiqib, ozarbayjonlik Tagir Abdullayevni ochkolar hisobida magʻlub etgan edi. Shu natija orqali u UAE Warriors chempioni unvonini qoʻlga kiritgan.