Hamzat Chimaev: «Ikki vazn toifasida chempion bo‘lishni xohlayman»
Birlashgan Arab Amirliklari sharafini himoya qilayotgan, o‘rta vazn toifasida (84 kg gacha) amaldagi UFC chempioni, 31 yoshli Hamzat Chimaev o‘zining kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Sportchi faoliyatini mag‘lubiyatsiz yakunlash asosiy maqsadi emasligini, balki yana bir vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritish niyatida ekanligini ta’kidladi.
«Men shunchaki ikki vazn toifasida chempion bo‘lishni xohlayman. UFC’dan mag‘lubiyatsiz ketishga harakat qiladiganlar toifasidan emasman. Bu men uchun ahamiyatli emas. Men bir nechta yirik janglarda ishtirok etishni istayman», — deya Chimaevning so‘zlarini keltiradi Bloody Elbow portali.
Ma’lumot uchun, Hamzat Chimaev Shimoliy Amerika ligasi tarixida professional darajada mag‘lubiyatga uchramay turib chempionlikka erishgan 16-jangchiga aylandi. Chechenistonlik sportchi 2018 yildan buyon professional darajada jang qilib kelmoqda. Uning hisobida 15 ta g‘alaba mavjud bo‘lib, ularning 12 tasi muddatidan avval qo‘lga kiritilgan.