Gurlanda belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi
Bugun Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi sport majmuasida belbog‘li kurash sport turi bo‘yicha o‘smirlar (U-17, o‘g‘il va qiz bolalar) o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xorazm viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Nodira Djumaniyazova, musobaqa bosh hakami, milliy toifadagi hakam Abduxalil Malikov hamda musobaqa bosh kotibi, xalqaro toifadagi hakam Bekbergan Boltayevlar ishtirok etib, bellashuvlarni bevosita kuzatdilar.
Mazkur chempionat 20–23-aprel kunlari davom etadi. Bugun musobaqaning dastlabki kunida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar (U-17) o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslar boshlandi. Unda respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 270 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.