locale OZ

Gulistonda “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi start oldi

Shu munosabat bilan musobaqa ishtirokchilariga yuqori natijalar, murabbiylarga esa kuch-g‘ayrat tilashdi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Gulistonda “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi start oldi
photo: Voleybol Uzbekistan

17-noyabr kuni Guliston davlat universiteti Markaziy stadionida yoshlarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talabalar o‘rtasida sport muhitini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining respublika final bosqichi boshlandi.

Musobaqalar 17–20-noyabr kunlari davomida Guliston davlat universiteti, shahardagi boshqa oliy ta’lim muassasalari hamda zamonaviy sport inshootlarida o‘tkaziladi. Bu yilgi final bosqich mamlakat bo‘ylab saralangan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha peshqadam bo‘lgan 700 nafarga yaqin iqtidorli va faol talaba-yoshlarni bir maydonga jamladi.

Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, bir qator mutasaddi idoralar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sport murabbiylari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Marosimni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adkham Ikramov va Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyev kirish so‘zlari bilan ochib berdilar.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz rahbari tomonidan yoshlar tarbiyasi, ularda vatanparvarlik, jismoniy barkamollik va faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish masalasi har doim ustuvor vazifa sifatida qayd etilayotganini alohida ta’kidladilar. Shu munosabat bilan musobaqa ishtirokchilariga yuqori natijalar, murabbiylarga esa kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyat tilashdi.

Final bosqichda sportchi-talabalar quyidagi turlar bo‘yicha bellashmoqda:
- mini-futbol
- voleybol
- yengil atletika
- stol tennisi
- stritbol

Musobaqalarning asosiy maqsadi – yoshlarni jismoniy va ruhiy jihatdan mustahkamlash, ularning iqtidor va imkoniyatlarini keng namoyon etish, hamjihatlik va vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishdir.

So‘nggi yillarda yurtimizda sportni ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy sport inshootlari barpo etilmoqda, inventar va trenajyorlar yangilanmoqda, sport klublari faoliyati kengaymoqda, har bir oliygohda 26 ta olimpiya sporti yo‘nalishi bo‘yicha 3 tadan sport klublari tashkil etildi, 721 ta sport seksiyasi to‘liq faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish maqsadida “Universiada”, “Talabalar ligasi”, “Rektor kubogi”, “Talaba yugur” kabi musobaqalar yil davomida ikki mavsumda muntazam o‘tkazib borilmoqda.

“Besh tashabbus” olimpidasi nafaqat oliy ta’lim muassasalarida, balki keng jamoatchilik orasida ham sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Dastlabki bosqichlarda 168 ta oliy ta’lim muassasasidan 465 mingdan ortiq talaba, 345 mingga yaqin kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari musobaqa jarayonlariga qamrab olindi. Bu esa yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishning yuksak ekanini va tashabbusning samarali ishlayotganini ko‘rsatadi.

Gulistonda start olgan “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning ijtimoiy faolligi va jismoniy tayyorgarligini oshirish, vatanparvar va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting