«Guliston» sayqallanmoqda, «Aral» esa tur kashfiyotiga aylandi
Mamlakat birinchiligida birinchi davra bahslari o‘z nihoyasiga yetdi. Hozircha faqat bitta jamoa — “Guliston” yuz foizlik natija qayd etib, ishonch bilan Oliy liga sari odimlamoqda. Sirdaryoliklar eng yaqin ta’qibchilaridan sakkiz ochko ilgarilab ketishgan.
O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan Ravshan Tolipov boshchiligidagi gulistonliklar Toshkentda bo‘lib o‘tgan 2-turni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishdi. Sirdaryo viloyati jamoasi tur davomida raqiblari darvozasiga jami 27 ta gol kiritishdi. Deyarli barcha uchrashuvlarda ularning raqiblaridan bir bosh ustun ekanligi yaqqol sezilib turdi. Agar "Guliston" shu tempda harakat qilishda davom etsa, nafaqat o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani sharaf bilan uddalaydi, balki kuchlilar safiga ham tayyor holda yetib boradi. Bu yo‘lda jamoaga samarali izlanishlarni tilaymiz.
Tur kashfiyoti sifatida esa “Aral” jamoasini e’tirof etish mumkin. Qoraqalpog‘istonliklar peshqadamga ham jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. “Guliston” “Aral”ni faqatgina bitta to‘p farqi bilan, katta qiyinchilik ila mag'lub etganligi fikrimizda dalildir. Nukuslik yigitlar qolgan barcha uchrashuvlarda zafar quchib, peshqadamlar safiga yaqinlashishdi. Hatto, Oliy ligani ko‘zlab, yuqori maqsadlar bilan Ligada ishtirok etayotgan “Politexnik” va “TerDU” jamoalari ham Temur Iskanderov shogirdlarining ishtiyoqi va shijoati oldida bosh egishdi.
2-turni muvaffaqiyatli o‘tkazgan jamoalar safiga “Xorazm”ni ham qo‘shish mumkin. Turning ilk kuni “Politexnik”ka qarshi bahsda imkoniyatni boy bergan Furqat Xayrulloyev shogirdlari qolgan o‘yinlarda tashabbusni qo‘ldan boy berishmadi. Bu esa O‘zbekistonning ilk chempioni bo‘lgan jamoa hamshaharlariga kutilgan g‘alabalarni taqdim etdi. Natijada mamlakatimizning eng shimoliy hududidan kelgan ikkinchi jamoa ham karvonboshilar qatoriga qo‘shildi.
Umuman olganda, Birinchi liga bahslari turdan turga tobora qiziqarli va murosasiz tarzda kechmoqda. Bu esa ikkinchi davrada ham muxlislarga unutilmas lahzalarni taqdim etishiga ishonchni oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, Birinchi ligada 1-o‘rinni egallagan jamoa kelgusi mavsumda to‘g‘ridan to‘g‘ri Oliy ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Ikkinchi o‘rin sohibi esa Oliy ligada 11-o‘rinni egallagan jamoa bilan o‘tish o‘yinida kuch sinashadi.