Grenke Freestyle Chess Open: Javohir Sindarov g'alabalar qayd etmoqda, Magnus Carlsen - turnir yetakchisi
Germaniyaning Karlsrue shahrida nufuzli Grenke Freestyle Chess Open shaxmat turniri davom etmoqda. Grossmeyster Javohir Sindarov musobaqaning “A” guruhida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. O'zbek shaxmatchisi navbatdagi turda ikki uchrashuvda ham g'alaba qozondi: oltinchi davrada u polyak Mase Klekovskini, yettinchi turda esa qora shaxmat donasini boshqarishiga qaramay, hind grossmeysteri Arian Chopranini mag'lub etdi.
Sakkizinchi tur oldidan Sindarov 5,5 ochko jamg'arib, beshinchi o'ringa ko'tarildi.
Norvegiyalik Magnus Carlsen barcha yetti uchrashuvda g'alaba qozongan holda, yuz foizlik natija bilan yakkalikda turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Rauf Mamedov va Andrey Esipenko 6 ochkodan jamg'arib, kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
21 aprel kuni bo'lib o'tadigan sakkizinchi turda Javohir Sindarov Germaniya vakili Frederik Svannga qarshi o'ynaydi. U ham 5,5 ochkoga ega. O'zbek grossmeysteri ushbu uchrashuvda qora donalar bilan harakat qiladi.
Magnus Carlsen esa ushbu turda Rauf Mamedovga qarshi, shuningdek qora shaxmat donalari bilan o'ynaydi.