«Gran Premi Internazionali di Fiorenzuola» xalqaro musobaqasi doirasida hamyurtlarimiz jamoaviy yo'nalishda ham shohsupadan joy olishdi
“Gran Premi Internazionali di Fiorenzuola” xalqaro musobaqasi doirasida hamyurtlarimiz jamoaviy yo'nalishda ham shohsupadan joy olishdi
Juftlik poygasi hisoblangan "Medison" dasturida Sergey Rostovtsev hamda Nikita Svetkov birgalikda yana bir bronza medalni terma jamoamiz hisobiga yozib qo'yishdi. Yigitlar yakunda 25 ochko to'plab, 18 ta eng kuchli juftliklar orasida uchinchi bo'lishdi.
E'tiborli jihati yigitlarimizga jahon darajasidagi velopoygachilar raqiblik qildi. Ma'lumot uchun, 5-natija qayd etgan yaponiyalik Kodzima Naoki hamda Kuboki Kazushigelar "Medison"da amaldagi Osiyo chempioni hisoblanishadi. Kuboki ikki karra olimpiya o'yinlari ishtirokchisi shu bilan birga, 2022 va 2023 yilgi jahon birinchiligida kumush medali sohibi va 2024-yilda jahon chempioni hisoblanadi.
Naoki Kodzima esa Hanjou-2023 Osiyo o'yinlarida medison va jamoaviy taqib poygasida ikkita oltin medalni qo'lga kiritgan. 8-o'rinni qayd etgan boshqa bir yapon juftligi vakili Shansuke Imamura Parij olimpiadasi ishtirokchisi, 2023 yilgi jahon chempionati sovrindori. Bundan ko'rinib turibdiki, Rostovtsev va Svetkovning natijasi shunchaki uchinchi o'rin emas - bu O'zbekiston velosportining jahon darajasidagi raqobatga labbay deb javob qaytarayotganidan dalolatdir.