GM Andrey Yesipenko Nomzodlar turniri–2026 oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va turnir tarkibini teng deb baholadi
GM Andrey Yesipenko Nomzodlar turniri–2026 oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va turnir tarkibini teng deb baholadi.
Uning aytishicha, Yan Nepomnyashiy bergan maslahat muhim bo'lgan:
“Yan bu turnirga iloji boricha oddiyroq qarash kerakligini, uni hayotingdagi eng katta musobaqa deb o‘ylamaslikni aytgandi. Bu — to‘g‘ri maslahat. Men tayyorgarligimdan maksimal foydalanishga harakat qilaman.”
Yesipenko bo‘lajak raqiblari bilan o‘zaro hisob haqida ham gapirdi:
“Agar onlayn va oflayn partiyalarni hisoblasak, faqat Karuanaga qarshi ustunlikdaman. Giri va Nakamuraga qarshi esa aksincha. Hikaru meni 2022-yilda Berlin Grand Prix’da ikki marta yutgan. Lekin bunga ancha bo‘lgan, shuning uchun u g'alabalarni hisoblamaymiz. Qolganlar bilan taxminan tengman.”
Shuningdek, u turnir startining ahamiyatini ham alohida ta’kidladi. Ma’lumki, Yesipenko 1-turda qora donalarda yurtdoshimiz Javohir Sindarovga qarshi o‘ynaydi, 2-turda esa oq donalarda Hikaru Nakamura bilan to‘qnashadi.
Turnir tarkibi haqida esa u shunday dedi:
“Ishtirokchilar orasida Matthias Blyubaum ajralib turgandek ko‘rinadi. Lekin uni ham e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi — u favoritlarga jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin.”
Yakuniy xulosa esa oddiy:
“Umuman olganda, tarkib juda teng. Kim xohlasa ‘otilib chiqishi’ mumkin. Hech kimni alohida ajratmayman — hamma deyarli bir darajada.”
Eslatib o‘tamiz, Nomzodlar turniri 2026 29-mart kuni start olishi rejalashtirilgan.